26 Mart 2025, 14:06 Oʻzbekiston

Oʻzbekistonda ekologik ekspertiza tartibi tasdiqlandi

Ekologiya vazirligi tekshiruv oʻtkazishni rad etish mumkin boʻlgan holatlarni tushuntirdi.

Oʻzbekistonda ekologik ekspertiza tartibi tasdiqlandi

26-mart kuni Ekologiya vazirligi qanday holatlarda ekologik ekspertiza oʻtkaziladigan va qaysi hollarda tekshiruv oʻtkazish rad etiladigan vaziyatlarni maʼlum qildi.

24-fevral kuni Oʻzbekistonda “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida”gi 1036-sonli qonun qabul qilindi. Hujjatga koʻra, u davlat va jamoat ekologik ekspertizasi shaklida oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, ushbu ekspertiza rejalashtirilayotgan faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini aniqlash, atrof-muhit uchun xavflilik darajasini belgilash, uning salbiy taʼsirining oldini olish, atrof-muhitni muhofaza qilish chora-tadbirlarining asosliligini tekshirish uchun ham tayinlanishi mumkin.

Ekologik ekspertizaning asosiy tamoyillari — qonuniylik, xolislik, asoslanganlik, axborotdan erkin foydalanish va uning ishonchliligi, jamoatchilik ishtiroki, ochiqlik va shaffoflik. Ekspertiza obyektlari quyidagilardan iborat:

  • qurilishning barcha turlari uchun yer tanlash va ajratish boʻyicha materiallar;
  • loyihadan oldingi va loyiha hujjatlari;
  • tabiiy resurslardan foydalanish faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy-texnik va yoʻriqnoma-uslubiy hujjatlar, shu jumladan texnik reglamentlar va shartlar, standartlar, qoidalar va yoʻriqnomalar loyihalari;
  • chiqindilarni zararsizlantirish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish uchun yangi turdagi texnologiyalar, materiallar, buyumlar, biologik, kimyoviy moddalar va vositalarni yaratish boʻyicha hujjatlar;
  • atrof-muhitga va inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan korxonalar;
  • alohida huquqiy rejimli obyektlar.

Davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish jarayoni:

  • taqdim etilgan materiallarning qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi tekshiriladi;
  • rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyatning ekologik va ijtimoiy oqibatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ishonchliligi va toʻliqligi tahlil qilinadi;
  • biologik, kimyoviy moddalar va texnologiyalarning atrof-muhitga taʼsirini baholashning asosliligi tekshiriladi;
  • ekologik xavf darajasini baholashning toʻgʻriligi aniqlanadi;
  • ekologik xavfsizlik talablarini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarning yetarliligi va asosliligi oʻrganiladi;
  • ekologik meʼyorlar loyihalarining asoslanganligi tekshiriladi.

Xabarda taʼkidlanishicha, agar hujjatlar atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga zid boʻlsa, notoʻgʻri va (yoki) buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar taqdim etilsa, shuningdek, jamoatchilik muhokamalari davomida asosli eʼtirozlar bildirilgan boʻlsa, obyektga nisbatan ekologik ekspertiza oʻtkazish rad etiladi.

Mashhur yangiliklar