17 Mart 2025, 11:27 Iqtisod

Ijobiy kredit tarixiga ega xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi

O‘zbekistonda yetakchi ishbilarmon ayollardan iborat Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etiladi.

Ijobiy kredit tarixiga ega xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi

Prezidentning 14-martdagi qarori 2025-yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.

Uning doirasida 2 mln nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, 250 ming nafarini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, 250 ming nafarini oliy ta’lim bilan qamrab olish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, 50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish hamda ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etish belgilanmoqda.

Tadbirkor xotin-qizlar “Hamroh” dasturi doirasida qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, joriy yilning 1-mayidan ularga “yashil” va IT-sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha grant ajratiladi.

Shu bilan birga, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.

Ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan kafillik taqdim etilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga muvofiq, 1-iyulgacha “Tadbirkor ayollar” platformasi ishga tushiriladi. U orqali ayol tadbirkorlarga xomashyo sotib olishga ko‘maklashiladi, o‘zaro kooperatsiyani kengaytirish va mahsulotlarni sotish uchun bozor topishga yordam beriladi.

Platforma zarur mutaxassislarni izlash va ishga qabul qilish, shuningdek, loyihalar doirasida yuzaga kelayotgan muammolarini aniqlash va ularga yechim topishga qaratiladi.

Mashhur yangiliklar