O‘tgan yili xorijdan qancha muhojirning jasadi O‘zbekistonga olib kelindi?
Bu savolga Migratsiya agentligi rahbariyati ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida javob berildi.

2024-yilda 483 nafar o‘zbekistonlik muhojirning jasadi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda 17-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi rahbariyati ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Agentlik boshqarma boshlig‘i Nigora Isroilovaning ma’lum qilishicha, chet ellarda vafot etgan o‘zbekistonlik muhojirlarning jasadlarini O‘zbekistonga olib kelish xarajatlari davlat budjeti hisobidan qoplangan.
“Jasadlarni olib kelish xarajatlari, qaysi davlatdan ekanligiga qarab, turlicha hisoblanadi. Misol uchun, Rossiyadan bitta jasadni olib kelishga 1000 dollargacha, Angliyadan 4−5 ming dollargacha, Yaponiya, Koreyadan esa 9 ming dollargacha mablag‘ ketadi”, dedi u.
Isroilovaning qayd etishicha, xorijda vafot etgan migrant O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa va uning yaqinlari agentlikka murojaat qilsagina, jasadni olib kelishda ko‘mak ko‘rsatiladi.
Migratsiya agentligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘tgan yili O‘zbekistonga qaytarilgan 483 jasadning 474 tasi Rossiyadan, 5 tasi Turkiyadan, 4 tasi Koreya va Qozog‘istondan olib kelingan.
Qo‘shimcha qilinishicha, 2024-yili xorijda og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan 775 nafar, og‘ir tan jarohati olgan 182 nafar o‘zbekistonlik ham agentlik ko‘magi bilan O‘zbekistonga qaytarilgan.
Мавзуга оид хабарлар:
Rossiya migrantlarning pul o‘tkazmalaridan ham boj undirishi mumkin Rossiyada hujjatlarini yo‘qotgan to‘rt kishi O‘zbekistonga qaytarildi Endi migrantlar ham ipoteka krediti olishi mumkin bo‘ladi Rossiyalik deputat rubl kursi tushishida migrantlarni aybladi Rossiyada migrantlar uy ijaraga olishi qiyinlashadi
Soʻnggi yangiliklar







