15 Yanvar 2025, 16:07 Oʻzbekiston

Toshkent viloyatida 700 dan ortiq bug‘u shohlari kontrabandasiga chek qo‘yildi

“G‘ishtko‘prik” postida 700 dan ortiq bug‘u shohini noqonuniy olib kirmoqchi bo‘lganlar aniqlandi.

Toshkent viloyatida 700 dan ortiq bug‘u shohlari kontrabandasiga chek qo‘yildi

Toshkent viloyatidagi “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti orqali O‘zbekistonga bug‘u shohlarining noqonuniy olib kirilayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Bojxona boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, yengil avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda uning yuk xonasida bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan 600 dona hayvon shoxi borligi aniqlangan.

Yana bir holatda esa mazkur postga piyoda kirib kelgan fuqaroning qo‘l yuklari ko‘rikdan o‘tkazilgan. Unda 2 dona qopda og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan hamda deklaratsiyada yozib ko‘rsatilmagan 117 dona shoh borligi ma’lum bo‘lgan.

Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ekspertiza xulosasiga ko‘ra, shoxlar bug‘uga mansub. Bug‘ular Yevroosiyo mamlakatlarida uchraydi va ular O‘zbekistonning Qizil kitobiga kiritilgan.

Hozirda holat yuzasidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Mashhur yangiliklar