15 Yanvar 2025, 11:57 Oʻzbekiston

Litsenziyasiz Umra xizmatlarini reklama qilgan turoperatorlar jarimaga tortildi

Reklama qonunchiligini buzgan MChJlarning mansabdor shaxslari maʻmuriy javobgarlikka tortilgan.

Litsenziyasiz Umra xizmatlarini reklama qilgan turoperatorlar jarimaga tortildi

Umra tadbirlarini tashkil etishga oid reklama qonunchiligini buzgan turoperatorlarga nisbatan chora koʻrildi, deb xabar bermoqda Raqobat qoʻmitasi.

Qayd etilishicha, qoʻmita tomonidan ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan materiallar “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun talablariga mosligi yuzasidan oʻrganish va tahlil ishlari olib borilgan.

Oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida, Andijon, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan jami 10 ta turoperator litsenziya hujjatlari mavjud boʻlmagan holda reklamalar joylashtirgani yuzasidan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilgan va ularga jarimalar qoʻllangan.

Shuningdek, qoʻmitaning Namangan va Fargʻona viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan jami beshta MChJ ham yuqoridagi kabi qonunchilik talablari buzgan, ularning mansabdor shaxslari maʻmuriy javobgarlikka tortilgan.

Shu bilan birga, 10 dan ortiq litsenziyaga ega boʻlmasdan reklama materiallari tarqatayotgan axborot resurslarini yurituvchi shaxslarga aniqlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qilingan.

Mashhur yangiliklar