14 Yanvar 2025, 17:57 Oʻzbekiston

Samarqand shahri hududi kengaymoqda

Samarqand shahri, Oqdaryo va Samarqand tumanlari chegaralari o‘zgartiriladi.

Samarqand shahri hududi kengaymoqda

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

Vazirlar Mahkamasining taklifiga asosan, Samarqand tumanidan 170 gektar va Oqdaryo tumanidan 243 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga oʻtkaziladi.

Majlisda qaror loyihasi tegishli mahalla fuqarolar yigʻinlari, xalq deputatlari Samarqand shahar, Samarqand va Oqdaryo tumanlari hamda viloyat Kengashlarida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizigʻining tasnifi maʻqullanganligi qayd etildi. Shuningdek, qaror loyihasida hududning chegaralarini oʻzgartirish va unda belgilangan vazifalarni tizimli amalga oshirish maqsadida Hukumatga kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Qayd qilinishicha, mazkur tuman va shahar chegaralarining oʻzgarishi bilan “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi tashkil etilib, ushbu hududda 254 ta koʻp qavatli uy-joy, 19 ta ishbilarmonlik va biznes markazi, 50 ta ijtimoiy soha obekti, 89 ta koʻngilochar va savdo kompleksi hamda tarixiy shaharcha barpo etiladi.

Bundan tashqari, hududda 112 km ichki yoʻl, piyodalar va velosiped yoʻlaklari, 6 km yer usti metro yoʻli, 2 ta katta koʻprik hamda 7,2 km ichki kommunikatsiya uchun tunnel, 180 km irrigatsiya quvuri hamda 14 km kanal va koʻplab sugʻorish inshootlari quriladi.

Deputatlarning fikricha, bu oʻzgarishlar kelgusida aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Mashhur yangiliklar