10 Yanvar 2025, 08:56 Eksklyuziv, Iqtisod

O‘zbekistonda plastik paketlar taqiqlanishi mumkin

Ularning o‘rniga kologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) paketlardan foydalanishni rag‘batlantirish taklif etilmoqda.

O‘zbekistonda plastik paketlar taqiqlanishi mumkin

O‘zbekistonda 2027 yildan plastik paketlar ishlab chiqarish, olib kirish va ulardan foydalanish taqiqlanishi mumkin. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasida so‘z boradi.

Unga ko‘ra, 2027 yildan boshlab plastik paketlarni ishlab chiqarish, olib kirish va ulardan foydalanishni taqiqlash hamda ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) paketlardan foydalanishni rag‘batlantirish taklif etilmoqda.

Shuningdek, plastik mahsulotlarining kimyoviy tarkibidagi zararli moddalardan foydalanishni cheklash va qadoqlarda qayta ishlangan plastikdan foydalanish koeffitsentlarini belgilash nazarda tutilgan.

Davlat dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasiga ko‘ra, 2025 yil 1 noyabrga qadar plastik qadoqlarni yoki plastik qadoqlarda mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda import qiluvchilarga “taralarni qaytarish”, ushbu turdagi chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus joylar va uskunalarni o‘rnatish orqali yig‘ib olish va utilizatsiya qilish, utilizatsiya yig‘imini to‘lash bo‘yicha kengaytirilgan majburiyatni joriy qilish majburiyatini yuklaydigan qonun loyihasini ishlab chiqish ham ko‘zda tutilgan.

Mashhur yangiliklar