O‘zbekiston futbol hakamlari markazi rahbari ishdan olindi
2022-yil 16-iyundan beri Markaz rahbari sifatida Laziz Qo‘chqorov faoliyat olib borayotgan edi.
O‘zbekiston futbol hakamlari markazi rahbari Laziz Qo‘chqorov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘chqorov 2022-yil 16-iyundan Markaz rahbari sifatida faoliyat olib borayotgan edi.
“Ikki yarim yillik faoliyatim davomida hakamlik sohasini rivojlantirish, hakamlarning halol va jozibali ish olib borishiga va Markaz uchun ijobiy islohotlar o‘tkazishga bor kuchim bilan harakat qildim. Ushbu yo‘nalish men uchun katta tajriba bo‘ldi. Fursatdan foydalanib, butun o‘zbek futboli jamoatchiligiga, jonkuyar muxlislarga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Markazning kelgusi faoliyatiga esa faqat muvaffaqiyat va zafarlar tilab qolaman”, degan Laziz Qo‘chqorov.
Xabarda, Qo‘chqorov rahbarligi davrida amalga oshirilgan ishlar ham aytilgan. Jumladan, uchinchi VAR texnikalari xarid qilindi, «Yosh umidli hakamlar» nomidagi yangi loyiha ishlab chiqildi. Shuningdek, OFK Elit hakamlari ro‘yxatiga O‘zbekistondan 7 ta referi kiritildi.