O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 6,6 mlrd dollarga ko‘paydi
2024-yil yakuniga kelib zaxiradagi xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmi qariyb 102 mln dollarga yetgan.
O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1 yanvar holatiga 41,18 milliard dollarni tashkil etib, 1 dekabr holatiga nisbatan 290 mln dollarga kamaydi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan hisobotda keltirib o‘tilgan.
2024 yil davomida rasmiy zaxiralarning umumiy miqdori 34,56 mlrd dollardan 41,18 mlrd dollarga yoki 19,1 foizga oshdi. Bunda xorijiy valyuta zaxiralari 9,36 mlrd dollardan 8,59 mlrd dollargacha qisqargan bo‘lsa, zaxiralardagi oltinning fizik hajmi 11,9 mln troya unsiyadan 12,3 mln troya unsiyaga, qiymati esa 24,63 mlrd dollardan 32,03 mlrd dollargacha ko‘paygan.
Qayd etish lozimki, o‘tgan yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun eng muhim jihatlardan biri jahon bozorida oltin narxlarining oshib ketgani bo‘ldi. Qimmatbaho metall yil davomida bir necha marotaba o‘zining tarixiy maksimum narxlarini yangiladi. Xususan, 2024 yil boshida oltinning bir troya unsiyasi 2 000 dollardan biroz yuqoriroq bo‘lgan bo‘lsa, yil davomida bu ko‘rsatkich 2790 dollardan oshdi.
Bundan tashqari, o‘tgan yildan Markaziy bank aktivlarni diversifikatsiya qilish doirasida xorijiy qimmatli qog‘ozlarni sotib olishni ham boshladi. Yil yakuniga kelib zaxiradagi bunday qimmatli qog‘ozlar hajmi qariyb 102 mln dollarga yetgan.
Мавзуга оид хабарлар:
Bir fuqaroga ajratiladigan bank kartalari soniga cheklov kiritildi O‘zbekistonning tashqi qarzi miqdori ochiqlandi Markaziy bank Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashiga a’zo bo‘ldi Kredit olishdan ixtiyoriy voz kechish mumkin bo‘ladi Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi