8 Yanvar 2025, 13:07 Oʻzbekiston

Toshkent viloyatida onasi ayovsiz kaltaklagan 4 yoshli qizcha vafot etdi

Bolalar ombudsmani holat yuzasidan munosabat bildirib, bu bo‘yicha tergov jarayoni davom etayotgani va yakuniy xulosa sud tomonidan berilishini maʼlum qildi.

Toshkent viloyatida onasi ayovsiz kaltaklagan 4 yoshli qizcha vafot etdi

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida ona 4 yoshli qizaloqni ayovsiz kaltaklagani va og‘ir tan jarohati yetkazgani xabar qilingan edi.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning bildirishicha, 4 yoshli (qiz) Y.M. kecha, 7-yanvar kuni ertalab vafot etgan. Unga ko‘ra, hozirda holat yuzasidan tergov jarayoni davom etmoqda va yakuniy xulosa sud tomonidan beriladi.

“Tergov vaqtida jinoyat natijasidagi oqibat o‘zgargani, ya’ni jabrlanuvchining o‘limi fakti jinoyatga huquqiy baho berish jarayoniga ta’sir qiladi – og‘irroq jazoni ko‘zda tutuvchi qismga qayta malakalash lozim bo‘ladi. Bu tergov tomonidan amalga oshiriladi”, degan Bolalar ombudsmani.

Ma’lumot uchun, 2024-yilning 23 dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasiga 2020 yilda tug‘ilgan qiz Y.M. tanasidagi turli jarohatlar bilan qabul qilingan. Holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida 47 yoshli ayol 4 yoshli qizini qattiq kaltaklab, tan jarohati yetkazgani aniqlangan.

Tibbiyot xulosasiga ko‘ra, bolada bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi og‘ir darajasi va bosh sohasidagi boshqa og‘ir jarohatlar qayd etilgan.

2024 yil 27 dekabr kuni holat yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahar IIB tomonidan E.Y ga nisbatan Jinoyat kodeksining 126 prim 1-moddasi 7-qismi “b” bandi (oilaviy zo‘ravonlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mashhur yangiliklar