Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlandi
Toshkent shahrining 2045-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlandi.
Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori e’lon qilindi.
Qarorda keltirilishicha, Toshkent shahrini kompleks rivojlantirish va qurilishni rejalashtirish hamda qurilishni rejalashtirish sifati va darajasini oshirish, shaharning me’moriy-rejalashtirilgan qiyofasini hamda infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsad qilingan.
Bosh rejaning asosiy ko‘rsatkichlarini belgilovchi xaritalar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimida ochiq ma’lumot sifatida joylashtiriladi.
Har qanday qurilish ishlarini amalga oshirish tasdiqlangan bosh reja asosida belgilangan tartibda ushbu hududning master rejasi, batafsil rejalashtirish loyihasi yoki qurilish loyihasi ishlab chiqilib, tasdiqlagan holda amalga oshiriladi.
Bosh rejaning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi bo‘yicha Toshkent shahar hokimining hisoboti har chorak yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi rayosati majlisida eshitib boriladi.