Jahon banki O‘zbekistonga yana 3,5 mln dollar ajratadi
Jahon banki O‘zbekiston uchun bank kafolati ko‘rinishidagi 3,5 million dollarlik moliyalashtirishni ma’qulladi.
O‘zbekiston Jahon banki guruhi ko‘magida Xorazm viloyatida yangi quyosh elektr stansiyasini ishga tushiradi, deb xabar bermoqda bank matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, Jahon banki O‘zbekiston uchun bank kafolati ko‘rinishidagi 3,5 million dollarlik moliyalashtirishni ma’qulladi. Ushbu kafolat “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ davlat kompaniyasining quvvati 100 MVt bo‘lgan yangi quyosh elektr stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha to‘lov majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi.
Xorazm viloyatidagi ushbu obyektni qurish va ekspluatatsiya qilish bilan Fransiyaning Voltalia kompaniyasi shug‘ullanadi.
Quyosh elektr stansiyasini 2025-yil noyabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan. U 177 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, yiliga 240 gigavatt-soatdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaradi. Uning faoliyati yiliga 230 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish va 60 mingga yaqin uy xo‘jaliklarini toza energiya bilan ta’minlash imkonini berishi kutilmoqda. Loyiha mamlakatning toza energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish borasidagi sa’y-harakatlariga salmoqli hissa qo‘shadi.
“Jahon banki guruhi “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq O’zbekistonning energiya bo‘yicha ehtiyojlarini qondirishda va 2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalarini 25 GVtga yetkazishda qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa ushbu o‘n yillikning oxiriga kelib mamlakatda iste’moldagi elektr energiyasi ulushining 40 foizini tashkil etadi,” deya ta’kidladi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova.
2020-yildan buyon Jahon banki guruhiga kiruvchi Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) O‘zbekiston hukumatining 1000 MVt quyosh va 500 MVt shamol energiyasi quvvatlarini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Xorazmda 6 kgdan ortiq giyohvandlik vositalarini saqlayotgan shaxslar aniqlandi Xorazmda bir-biriga tutash doʻkonlar yonib ketdi Xorazmda tadbirkorga 10 mlrd so‘m kredit ajratib berishni aytgan shaxslar ushlandi Xorazmda o‘quvchining onasi va o‘qituvchi janjallashdi YTTB va YI Xorazmdagi quyosh elektr stansiyasi loyihasiga mablag‘ ajratdi