23 Dekabr 2024, 12:32 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda hokimliklarga yangi vakolatlar beriladi

Prezident farmoni bilan hokimliklarga yangi vakolatlar beriladi.

O‘zbekistonda hokimliklarga yangi vakolatlar beriladi

“Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan tuman (shahar)lar hokimliklariga quyidagi yo‘nalishlarda ma’muriy vakolatlar beriladi:

  • davlat boshqaruvi organlari va tadbirkorlar o‘rtasida “doimiy aloqa” tizimini yaratish maqsadida tuman (shahar)larda Tadbirkorlar jamoatchilik kengashini tuzish;
  • 2025-yil 1-yanvardan belgilangan vazirlik va idoralarning tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlarini mas’ul vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, shuningdek, tegishli mas’ullarga rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish;
  • 2025-yil 1 yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha belgilangan ro‘yxat bo‘yicha tuman (shahar)larda huquqiy eksperiment tariqasida tuman (shahar) hokimligi faoliyatini “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” yangicha yondashuvi asosida tashkil etish.

Hujjatga ko‘ra, rahbarlari tuman (shahar) hokimi tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan bo‘limlar ro‘yxati quyidagicha:

  • tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya bo‘limi;
  • tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi;
  • tuman (shahar) investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi;
  • tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi;
  • tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi;
  • tuman (shahar) madaniyat bo‘limi;
  • tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi;
  • Yoshlar ishlari agentligi tuman (shahar) bo‘limi.

Hujjatda belgilanishicha, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar)lar hokimliklari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularniy moddiy rag‘batlantirish miqdorini oshirish bo‘yicha prezident farmoni loyihasini kiritishi lozim.

Mashhur yangiliklar