Andijonda terrorchi guruhlarga pul yuborgan shaxs 10 yildan koʻproqqa qamaldi
Andijon shahrida Suriyadagi terroristik tashkilotlarga pul yuborgan fuqaro 10 yildan ortiq muddatga qamaldi.
Andijon shahridagi oshxonada ishlagan shaxs 2023-yilning avgust-dekabr oylarida Suriyadagi terroristik tashkilotlarga pul oʻtkazgani maʻlum boʻldi. U 10-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Maʻlum qilinishicha, Andijon shahridagi parhez taomlar oshxonasida oshpaz boʻlib ishlovchi Z.M. oʻzining foydalanuvida boʻlgan telefon apparati yordamida Instagram, Telegram, WhatsApp tarmoqlarida profillar ochib, ular orqali diniy-ekstremistik tashkilotlarning “hijrat” va “jihod” toʻgʻrisidagi materiallarini tinglab, tomosha qilgan.
Shuningdek, u Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” hamda “Gʻuroba katibasi” terroristik tashkilotlari safida boʻlgan andijonlik uch nafar fuqaro bilan 2023-yilning may oyidan muloqotga kirishib, ularning taʻsirida Suriyaga ketishni maqsad qilgan. Lekin oilaviy muammolar sababli rejasini amalga oshirolmagan.
Bundan tashqari, 2023-yilning avgust-dekabr oylari davomida ushbu fuqarolarning oila aʻzolari va tanishlari bergan jami 7150 AQSh dollari hamda 41 million 230 ming soʻm pul mablagʻini mobil ilovalardan foydalangan holda, kriptovaluta bilan shugʻullanuvchi shaxslarning hisobraqamlariga oʻtkazish orqali ularga yetkazib bergan. Yaʻni ular ushbu pul mablagʻlarini kriptovaluta bilan shugʻullanuvchi shaxslardan oʻzlari uchun zarur boʻlgan xorijiy valuta koʻrinishida qabul qilib olgan.
Shu bilan birgalikda, Z.M. ulardan birining sharʻiy nikohdagi turmush oʻrtogʻi boʻlgan, Toshkent shahrida yashovchi ayolni 2023-yilning 19-dekabr kuni “Doʻstlik” chegara oʻtkazish punkti orqali Qirgʻizistonga oʻtkazib, kelgusida Turkiya orqali Suriya davlatiga yetib borishi uchun Oʻsh shahridagi aeroportga kuzatib qoʻygan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida Z.M.ning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyilgan. U 10-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Taʻkidlanishicha, Suriyadagi uch nafar andijonlikdan biri qurolli toʻqnashuvlarda halok boʻlgan.