11 Dekabr 2024, 10:50 Oʻzbekiston

Chirchiq daryosidan qum-shagʻal xom ashyosini noqonuniy qazib olish holati aniqlandi

Hozirda holat boʻyicha toʻplangan hujjatlar esa huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan.

Chirchiq daryosidan qum-shagʻal xom ashyosini noqonuniy qazib olish holati aniqlandi

Chirchiq daryosidan qum-shagʻal aralashmasi qazib olinishi oqibatida tabiatga 65 mlrd soʻm zarar yetkazildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi hamda viloyat IIBB xodimlari tomonidan Quyi Chirchiq tumani hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosi hududida reyd tadbirlari oʻtkazilgan.

Reyd davomida qum-shagʻal aralashmalari davlat raqami yechib olingan yuklagich yordamida yuk transport vositasiga yuklab berilayotganligi aniqlangan.

Mazkur yuk mashinasi haydovchisi inspektorlar tomonidan soʻroqqa tutilganida u qum-shagʻal aralashmalarini shu hududda joylashgan “M.G.F.” MChJga qarashli tosh maydalash sexiga olib borib toʻkayotganini bildirgan.

Hisob-kitoblarga koʻra, holat natijasida tabiatga 65 mlrd 323 mln 200 ming soʻm zarar yetkazilgan.

Hozirda texnika vositalari Quyi Chirchiq tumanida joylashgan jarima maydonchasiga vaqtincha joylashtirilgan. Holat boʻyicha toʻplangan hujjatlar esa huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan.

Mashhur yangiliklar