11 Dekabr 2024, 09:40 Oʻzbekiston

Ayrim taksichilar yo‘lkirani asossiz ravishda oshirgani aniqlandi

Raqobatni qo‘mitasi taksi xizmati bo‘yicha qonunbuzilish holatlari kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Ayrim taksichilar yo‘lkirani asossiz ravishda oshirgani aniqlandi

Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalariga fuqarolar tomonidan taksilar orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati pastligi, to‘lovlar va hisob-kitoblar bilan bog‘liq muammolar, haydovchilarining muomalasi, yo‘lovchini manzilga yetkazib qo‘yilmayotgani, asossiz ravishda narxlarni oshirish kabi mavzularda murojaatlar kelib tushgan.

Toshkent viloyati transport boshqarmasi Nurafshon shahrida o‘tkazilgan reyd tadbirlari natijasida “Davr Trans Servis” MChJga biriktirilgan “Nurafshon AShB-Kuchlik qo‘rg‘oni-Arancha MFY” yo‘nalishida (tasdiqlangan jadvalga asosan yo‘l haqi 2800 so‘m) narxlarni sun’iy ravishda oshirgan holda haydovchilar tomonidan 5000-7000 so‘mgacha miqdorida yo‘lovchilardan yo‘l haqi olinayotgani aniqlangan.

Shu munosabat bilan viloyat Transport boshqarmasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi vakolati doirasida chora ko‘rishni so‘rab, qo‘mitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga ma’lumot kiritgan. O‘rganishlar natijasida iste’molchilardan 5 million so‘mdan ziyod mablag‘lar asossiz ravishda undirib kelinganligi aniqlanib, ularni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha yuqoridagi MChJga tegishli ko‘rsatma berildi.

Hududiy boshqarma tomonidan fuqaro Sh.X.dan tushgan murojaat o‘rganilganda Buxoro viloyati Kogon shahrida 103- va 114-yo‘nalishlarda harakatlanayotgan Damas haydovchilari tomonidan yo‘lkira haqini asossiz ravishda oshirib, xizmat ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘lgan.

Hududiy boshqarma tomonidan “Transport nazorati Avtomobil va suv transportida nazorat” Buxoro viloyati hududiy bo‘limi tomonidan mazkur yo‘nalishlar trafaretini qo‘yib, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanib kelayotgan transport vositalari litsenziyalari tekshirildi. Qatnovlarda litsenziyasiz va ruxsat etuvchi hujjatlarsiz yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan bir qator transport vositalariga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Toshkent shahridagi boshqarmaga Yandex taksi xizmatiga buyurtma yo‘l haqini naqd pulda to‘lashiga qaramay, bank plastik karta orqali ham yo‘l kiraga qayta pul yechib olingani yuzasidan bir qator fuqarolarning murojaatlari kelib tushgan. Bundan tashqari, buyurtma qilingan bayram tortlari, taomlar, maishiy texnikalarni taksilar orqali yetkazishda ham muammolarga, ya’ni ular noto‘g‘ri manzilga yetkazilgani, kechiktirilgani yoki umuman yetkazilmaganiga duch kelgan iste’molchilarning murojaatlari ham ijobiy hal etilgan.

Global Star MChJ tomonidan bunday qoidabuzilishlarga yo‘l qo‘ygan haydovchilar YandexGo ilovasida bloklangan, Yandex taksi ko‘rsatmagan xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirgan fuqarolarga jami 1 009 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari qaytarilishi ta’minlangan.

Jizzax viloyatidagi boshqarmaga Paxtakor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro O.Sh.ning Jizzax—Paxtakor yo‘nalishida qatnovni amalga oshiruvchi Online Plus MChJga tegishli taksi xizmatidan noroziligi bildirilgan murojaat kelib tushgan. O‘rganishlar natijasida ushbu yo‘nalish bo‘yicha fuqaro to‘lagan 40 ming so‘mdan ortiqcha olingan yo‘l haqi qaytarilishi ta’minlandi.

Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmaga Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro A.F. Call Taxi xizmati xodimi ortiqcha mablag‘ olgani va qo‘pol muomalada bo‘lganidan norozi bo‘lib murojaat yo‘llagan. Olib borilgan o‘rganish ishlarida haqiqatdan ham taksi haydovchisi 12 000 so‘m bo‘lishi lozim bo‘lgan xizmat uchun 32 000 so‘m yo‘l haqi talab qilgani aniqlangan. Murojaatchiga ortiqcha olingan 20 000 so‘m mablag‘ qaytarildi va taksi haydovchisiga taksometr ilovasidan to‘g‘ri foydalanish va yo‘lovchilar bilan muloqot qilish odoblari to‘g‘risida tushuntirish berildi.

Samarqand viloyatida fuqaro S.A. va I.E. taksi xizmati xodimlari qo‘pol muomalada bo‘lgani va buyurtma hamda yo‘lkira to‘lovlarida yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha murojaat qoldirgan. O‘rganish natijasida Yandex taksi xodimlariga xizmat ko‘rsatish qoidalariga amal qilish bo‘yicha kerakli ogohlantirishlar berildi hamda fuqarolar shikoyatlari qanoatlantirildi.

Farg‘ona shahar “Yangiyo‘l” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro O.I. Yandex taksi xizmatidan foydalanganida yo‘l haqi sifatida oldindan plastik kartasidan ortiqcha 9500 so‘m mablag‘i olingani, ammo xizmat ko‘rsatuvchiga to‘lov pulini qaytarilishi yuzasidan bir necha bor qilgan murojaatlari yechim topmagani yuzasidan murojaat qilgan. Hududiy boshqarma holat yuzasidan o‘rganishlar olib borgan va ortiqcha olingan mablag‘ qaytarib berilishi ta’minlangan.

Mashhur yangiliklar