Fuqarolarga beriladigan bank kartalari soniga limit qo‘ylishi mumkin
O‘zbekistonda bitta shaxs nomiga ochiladigan bank kartalarining soni bo‘yicha cheklov qo‘ylishi mumkin.
Bitta jismoniy shaxsga beriladigan bank kartalari sonini bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha belgilash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bitta jismoniy shaxsga bitta bank kartasi berilishi bo‘yicha me’yorlar o‘rnatilayotganligi to‘g‘risida axborot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Biroq bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida jismoniy shaxslarga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirish maqsadida banklar tomonidan bitta jismoniy shaxsga (bitta JSHSHIRga) kartalar sonini (virtual va kobeydjing kartalarini inobatga olgan holda) vaqtinchalik bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha belgilash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Bunda ushbu talab chet el valyutasida ochilgan bank kartalariga nisbatan tatbiq etilmasligi ko‘zda tutilmoqda.
Bildirilishicha, bugungi kunda bank kartalariga ega jismoniy shaxslarning qariyb 97 foizida (22 mln ta) 5 tagacha, 3 foiz (770 mingta) jismoniy shaxsda 5-20 gacha hamda 0,03 foizda yoki 7 mingta jismoniy shaxsda 20 tadan oshiq kartalar rasmiylashtirilgan.
Jismoniy shaxslar nomiga ko‘p miqdorda ochilgan bank kartalarini tahlil qilish jarayonida, ushbu bank kartalarining bir qismidan (aksariyat holatlarda karta egasining xabari yo‘q) firibgarlik maqsadlarida foydalanilayotgani aniqlangan.
Muhokama qilinayotgan me’yorlar aholining bank kartalari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda noqulayliklar keltirib chiqarmaydi va ushbu talablar tijorat banklarining bank kartalarini emissiya qilish faoliyatini tartibga solishga qaratilgan.
O‘z navbatida, Markaziy bank bu borada vaziyatni muntazam kuzatib borishini ma’lum qiladi. Shuningdek, ushbu talablar to‘liq tayyor bo‘lgandan keyin jurnalistlar va keng jamoatchilik muhokamasiga havola qilinadi, deyiladi xabarda.
Мавзуга оид хабарлар:
Banklarda dollar kursi birinchi marta 12 925 so‘mga ko‘tarildi To‘lov terminallariga MSS-kodlar biriktiriladi 2025 yildan O‘zbekistonga ayrim quyosh panellari importi cheklanadi 2027-yilga borib O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 20 mlrd dollarga yetishi mumkin Markaziy bank 7 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘lladi