28 Noyabr 2024, 16:44 Jahon

Dekabrdan boshlab Rossiyaga kirishda xorijliklar biometriyadan o‘tadi

1-dekabrdan boshlab xorijlik va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Rossiyaga kirishda biometrik ma’lumotlarini taqdim eta boshlaydi.

Dekabrdan boshlab Rossiyaga kirishda xorijliklar biometriyadan o‘tadi

Rossiya Federatsiyasi hukumati chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiyaga kirishda biometrik ma’lumotlarini taqdim etishi bo‘yicha eksperimentni ma’qulladi. Tegishli qarorni bosh vazir Mixail Mishustin imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, eksperiment ikki bosqichda rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda — 2024-yil 1-dekabrdan 2026-yil 30-iyungacha biometrik ma’lumotlarni yig‘ish RFga kirishda Moskva (Domodedovo, Sheremetevo, Vnukovo) va Moskva viloyati (Jukovskiy) xalqaro aeroportlari, shuningdek, Orenburg viloyatidagi avtomobil nazorat punkti (“Mashtakovo”) orqali amalga oshiriladi

Ikkinchi bosqich 2025-yil 30-iyundan 2026-yil 30-iyungacha bo‘lib o‘tadi va barcha nazorat-o‘tkazish punktlarini qamrab oladi. Bu muddatda Rossiyaga vizasiz kirish uchun xorijliklar o‘zlarining fotosuratlari va biometrik ma’lumotlarini oldindan maxsus arizaga joylashtirishi, shuningdek, tashrif maqsadi to‘g‘risidagi bayonotni taqdim etishi mumkin bo‘ladi.

Hujjatda qayd etilishicha, eksperiment Belarus fuqarolari, olti yoshgacha bo‘lgan bolalar, diplomatlar, diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari, Rossiyada akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlarning mansabdor shaxslari, shuningdek, ularning oila a’zolariga taalluqli emas.

Mashhur yangiliklar