28 Noyabr 2024, 14:55 Oʻzbekiston

Tartibga solinmagan o‘tish joyida piyodani urib yuborgan haydovchiga nisbatan hukm o‘qildi

Toshkent shahrida Tartibga solinmagan o‘tish joyida piyodani urib yuborgan haydovchi 5 yilga manzil-koloniyaga hukm qilindi.

Tartibga solinmagan o‘tish joyida piyodani urib yuborgan haydovchiga nisbatan hukm o‘qildi

Toshkent shahar Yakkasaroy tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 25-oktabr kuni may oyida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida ayolni urib yuborgan Spark haydovchisiga nisbatan hukm chiqardi.

Ish hujjatlarida keltirilishicha, 22-may kuni soat 15:40 da Spark haydovchisi S.N. Yusuf Xos Hojib ko‘chasida ketayotgan bo‘lgan. Qurilayotgan bino yonidagi piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashganda (Korzinka supermarketi qarshisida) haydovchi qo‘shni yo‘lakda to‘xtab turgan mashinaga qaramay, tezlikni pasaytirmagan va ko‘chani kesib o‘tayotgan ayolni urib yuborgan. Ayol olgan jarohatlari tufayli 29-may kuni shifoxonada vafot etgan.

28-may kuni o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza natijasida marhumda og‘ir tan jarohatlari, jumladan, bosh miya jarohati, miyaga qon quyilishi va suyaklar sinishi aniqlangan.

27-iyundan beri qamoqda bo‘lgan sudlanuvchi aybiga qisman iqror bo‘lib, piyoda “to‘satdan paydo bo‘lganini”, shu bois tormoz berishga ulgurmay, urib yuborganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, u 40−50 km/soat tezlikda ketayotgan, chap tomonda Lacetti sekinlashayotganini ko‘rgan va tormozni bosayotib, 3−4 metr narida chiqib kelayotgan piyodani ko‘rishga ulgurgan. Haydovchiga ko‘ra, u keskin tormoz berib, to‘qnashuvdan 0,5−2 metr o‘tgach to‘xtagan.

Biroq sud-avtotexnik ekspertizasi bunday bo‘lmaganini ko‘rsatdi. O‘tish joyidan piyoda topilgan joyga qadar masofa 7,8 metrni tashkil etgan. Bu haydovchi o‘tish joyidan oldin yoki o‘tish joyida tormoz bermaganidan dalolat beradi.

Sud qarorida ayblanuvchining aybi guvohlarning ko‘rsatmalari, yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, sud-tibbiy, trasologik va avtotexnik ekspertizalar xulosalari bilan to‘liq tasdiqlangani qayd etilgan.

Sud og‘irlashtiruvchi holatlarni aniqlamadi. Yengillashtiruvchi omillar sifatida sudlanuvchining aybiga qisman iqror bo‘lgani, pushaymonligi, oilaviy va moddiy ahvoli (to‘rt nafar farzandi borligi), shuningdek, oilada yagona boquvchi ekani va ilgari sudlanmagani inobatga olindi.

Sud sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha aybdor deb topdi. Unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U jazoni manzil-koloniyada o‘taydi. Shuningdek, fuqaro 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Marhumaning turmush o‘rtog‘i va uning advokati YTH oqibatida yetkazilgan moddiy zarar 26 million so‘m, ma’naviy zarar esa 500 million so‘mni tashkil etganini ma’lum qilishdi. Shuningdek, ular advokat xizmati uchun 1 million so‘m to‘langani haqidagi kvitansiyani ham taqdim etishdi. Sud iltimosnomani qisman qanoatlantirib, sudlanuvchidan 1 million so‘m undirish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Sudya da’vogarga ayblanuvchidan moddiy va ma’naviy zararni undirish uchun fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqini tushuntirdi.

Mashhur yangiliklar