Fargʻonada 750 mln soʻmlik iPhone telefonlarining noqonuniy olib kirilishi fosh qilindi
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Fargʻona viloyatida iPhone 16 Pro Max hamda iPhone 15 Pro telefonlarining Oʻzbekistonga noqonuniy olib kirilishining oldi olindi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan tovar-moddiy boyliklarining chetdan noqonuniy olib kirilishining oldini olishga qarshi tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Tadbir davomida fuqaro boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi Fargʻona tumanining chegaraoldi hududidan tezkor kuzatuvga olingan. Ushbu avtotransport vositasi Fargʻona shahri hududida harakatlanayotgan vaqtida toʻxtatilib, belgilangan tartibda koʻzdan kechirilgan.
Natijada, avtomashina salonida xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan umumiy qiymati 750 million soʻmlik 30 dona iPhone 16 Pro Max va 10 dona iPhone 15 Pro rusumli uyali aloqa vositalari borligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.