27 Noyabr 2024, 08:52 Oʻzbekiston

Qoraqalpogʻistonda 3 bosh Buxoro bugʻusini oʻldirgan shaxs tabiatga 3,3 mlrd soʻmlik zarar yetkazdi

Hozirda mazkur holat yuzasidan Beruniy tumani IIB tergov boʻlinmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Qoraqalpogʻistonda 3 bosh Buxoro bugʻusini oʻldirgan shaxs tabiatga 3,3 mlrd soʻmlik zarar yetkazdi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tasarrufidagi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati xodimlari tomonidan 3 bosh Buxoro bugʻusi ovlanganligi aniqlandi, deb xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.

Holat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumani IIB tomonidan oʻrganilganda, bir bosh erkak va ikki bosh urgʻochi bugʻular ov miltigʻi bilan oʻldirilgani maʼlum boʻlgan.

Hodisa joyi koʻzdan kechirilganida esa rezervatning zaxira yerlaridan 2 ta ov miltigʻi oʻq dorisining plastik boʻlaklari, qonga oʻxshash qizil dogʻlar va ov miltigʻi topilgan. Ov miltigʻi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Qizil kitobga kiritilgan Buxoro bugʻulari oʻldirilishi natijasida hayvonot dunyosiga jami 3 mlrd 375 mln soʻmlik moddiy zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan fuqaro M.K. Jinoyat kodeksining 202-moddasi (hayvonot yoki oʻsimlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, qoʻlga olingan.

Vazirlikka koʻra, hozirda hodisa boʻyicha Beruniy tumani IIB tergov boʻlinmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar