23 Noyabr 2024, 15:17 Jahon

Fransiyada 7 million yevrolik zargarlik buyumlari o‘g‘irlab ketildi

Hozirda talonchilarni aniqlash va ularni qo‘lga olish harakatlari amalga oshirilmoqda.

Fransiyada 7 million yevrolik zargarlik buyumlari o‘g‘irlab ketildi

Fransiyaning Pare-le-Monial kommunasidagi muzeydan qurollangan shaxslar milliy boylik sifatida tan olingan zargarlik buyumlarining bir qismini o‘g‘irlab ketdi. Mazkur zargarlik buyumlarining taxminiy narxi 7 million yevroni tashkil qiladi. Bu haqda AFP xabar bermoqda.

Kommuna meri Jan-Mark Nesmening so‘zlariga ko‘ra, 1904-yilda parijlik zargar Jozef Xomet tomonidan yaratilgan, Gieron muzeyining asosiy eksponati bo‘lgan Via Vitae (lotincha “hayot yo‘li”) buyumlari o‘g‘irlangan. Kompozitsiya olmos va boshqa qimmatbaho toshlar, marmar, oltin va fil suyagidan yasalgan elementlar bilan bezatilgan 138 ta figuradan iborat.

Zargarlik buyumlarining o‘g‘irlanishi 21-noyabr kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan. Talonchilikni to‘rt kishi amalga oshirgan. Avvaliga ular havoga o‘q uzgan, so‘ng zargarlik buyumlari saqlanadigan oynali javonga o‘q otib, uni teshgan.

U yerdan oltin va fil suyagidan yasalgan haykalchalarni, shuningdek, zumrad bilan bezatilgan taqinchoqlarni olib, mototsikllariga o‘tirib qochib ketishgan.

“Bu Pare-le-Monial va mamlakat merosi uchun katta yo‘qotish”, dedi mer agentlikka.

O‘g‘irlik vaqtida muzeyda 20 ga yaqin tashrif buyuruvchilar va muassasa xodimlari bo‘lgan, ular jabrlanmagan.

Hozirda talonchilarni aniqlash va ularni qo‘lga olish harakatlari amalga oshirilmoqda.

Mashhur yangiliklar