20 Noyabr 2024, 16:58 Oʻzbekiston

Madaniy meros agentligi Andijondagi Bobur haykalini ko‘chirish bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi

Agentlik tegishli tashkilotlarga bu kabi masalalar bo‘yicha ilmiy-ekspert kengashi xulosasini olish zarurligini tushuntirgan.

Madaniy meros agentligi Andijondagi Bobur haykalini ko‘chirish bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi

Madaniy meros agentligi Andijon shahrida joylashgan Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rnida biznes markazi qurish rejalari yuzasidan o‘rganish ishlari olib bordi.

Gap shundaki, Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qaror loyihasiga binoan, yodgorlik maydoni o‘rnida Savdo Mall majmuasi, ko‘ngilochar markazlar, ofislar va xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan boshqa turdagi zamonaviy binolar qurish rejalashtirilmoqda. Haykalni esa shahardagi Registon maydoniga ko‘chirish ko‘zda tutilgan. Viloyat hokimligi, shuningdek, ushbu hududda yo‘lo‘tkazgich qurilishi, natijada maydon yopiq ko‘rinishga kelib, ko‘prik ostida qolishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Agentlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Bobur monumental san’at yodgorligi Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.

Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasi 2024-yil 8-noyabrida viloyat MMBga haykalni Fitrat ko‘chasida joylashgan “Jome me’moriy majmuasi” arxitektura yodgorligi hududiga ko‘chirish yuzasidan murojaat qilgan.

Xabarda ta’kidlanishicha, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xo‘jalik ishlari, asrashga doir ishlarni amalga oshirish hamda ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar o‘tkazishga oid loyihalarga Madaniy meros agentligi huzuridagi ilmiy-ekspert kengashi tomonidan xulosa beradi.

Shu sababli tegishli tashkilotlarga ushbu masala yuzasidan kengash xulosasini olish zarurligi tushuntirilgan.

Agentlik sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari tashkilot bilan kelishilishi majburiy hisoblanishini eslatdi.

Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida obyektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari agentlik bilan majburiy tartibda kelishilishi belgilab qo‘yilgan, deyiladi xabarda.

Mashhur yangiliklar