Xorazmda o‘quvchining onasi va o‘qituvchi janjallashdi
Xonqa tumanidagi maktabda o‘quvchining onasi va o‘qituvchi yoqalashdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi maktablarning birida o‘quvchining onasi va o‘qituvchi o‘zaro janjallashgani aks etgan video tarqaldi. Bosh prokuratura holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 15-oktyabr kuni Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi 36-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchining onasi S.R. va o‘qituvchi G.R. (ayol) o‘rtasida ziddiyat kelib chiqib, urishib ketgan.
Holat yuzasidan ichki ishlar organi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilib, fuqaro S.R.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41 (tuhmat) va 52 (yengil tan jarohati yetkazish) moddalari 2-qismi, G.R.ga nisbatan MJtKning 52-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.
Mazkur qaror prokuratura tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib, asossiz bo‘lgani sababli bekor qilingan va 18-noyabr kuni fuqaro S.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “a” bandi (bezorilik, badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazib) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi tergov harakatlarini o‘tkazish uchun ichki ishlar organiga yuborilgan. Jinoyat ishi tergovi Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.