19 Noyabr 2024, 11:23 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda bolalar nafaqasi oluvchilar soni keskin kamaytirildi

Qisqarish 2025-yilda ham davom etadi.

O‘zbekistonda bolalar nafaqasi oluvchilar soni keskin kamaytirildi

Mamlakatda 2023-yil oktyabrda 2,3 million oila bolalar puli olgan bo‘lsa, joriy yilda ular soni 1,36 million qolgan. 2025-yilda ham bunday nafaqa oluvchilar va ularga qilinadigan xarajatlar qisqarishda davom etadi. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi eʼlon qilgan kelasi yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti parametrlarida ko‘rsatilgan.

2025-yilda O‘zbekistonda ijtimoiy himoya xarajatlari 17,3 trillion so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Taqqoslash uchun, joriy yil uchun bu miqdor 16,95 trillion so‘m bo‘lishi kutilyapti. 2023-yilda esa mazkur yo‘nalishga byudjetdan 19,2 trillion so‘m ajratilgan.

Kelasi yilda respublikada ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 2 million 752 ming nafar qolishi prognoz qilingan. Joriy yilgi kutilma 2 million 940 ming kishi. Yaʼni nafaqa oluvchilar soni 188 ming nafarga kamayishi kutilmoqda. Bunda asosiy qisqarishlar nafaqa oluvchi bolali va kam taʼminlangan oilalar (bolalar nafaqasi) soni hamda ularga ajratiladigan mablag‘lar miqdori bilan bog‘liq bo‘ladi.

Vazirlik hisob-kitobiga ko‘ra, 2024-yilda bolali va kam taʼminlangan 1 million 359 mingta oilaga jami 8,1 trillion so‘m nafaqa to‘lanadi. Kelasi yilda esa bunday oilalar soni 1 million 247 mingta qolishi va ularga 7,4 trillion so‘m to‘lanishi prognoz qilinmoqda.

2025-yilda zarur ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar va nogironligi borlar soni 539 ming 443 nafardan 568 ming 696 nafarga oshishi kutilmoqda. Ularga joriy yilda 5 trillion so‘m, kelasi yili 5,7 trillion so‘m to‘lanishi hisoblangan.

Shu bilan birga, 2024-yilda 152 ming 385 nafar bolalikdan nogironlik nafaqasi oladigan shaxslarga 1,64 trillion so‘m to‘lansa, kelasi yilda shu toifadagi 192 ming 767 kishiga 1,98 trillion so‘m ajratilishi ko‘rsatilgan.

Mashhur yangiliklar