19 Noyabr 2024, 08:53 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda ombudsman to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi

O‘zbekistonda ombudsmanga fuqarolar shikoyati asosida tekshiruv o‘tkazish huquqi berilmoqda.

O‘zbekistonda ombudsman to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi

“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi qonun imzolandi. Qonun ombudsman faoliyatini tartibga soladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxs boʻlib, u davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.

Ombudsman faoliyati quyidagi asosiy prinsiplardan iborat:

  • qonuniylik;
  • mustaqillik;
  • adolatlilik;
  • insonparvarlik;
  • kamsitishga yoʻl qoʻymaslik;
  • xolislik;
  • ochiqlik.

Saylanish kuni 30 yoshga toʻlgan, kamida besh yil Oʻzbekiston hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston fuqarosi ombudsman lavozimiga saylanishi mumkin.

Qonun bilan ombudsman Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5-yil muddatga saylanadi va ayni bir shaxs ombudsman lavozimiga surunkasiga ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emasligi belgilandi.

Ombudsman siyosiy partiyaga aʻzolikni yoki unda ishtirok etishni oʻz vakolatlari muddatiga toʻxtatib turishi yoxud tugatishi shart boʻlib, shuningdek, ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.

Qonun rasmiy eʻlon qilingan kundan eʻtiboran kuchga kiradi.

Mashhur yangiliklar