18 Noyabr 2024, 18:30 Oʻzbekiston

Turkiyada qarindoshi tomonidan fohishalikka majburlangan qiz O‘zbekistonga qaytarildi

O‘zbekistonning Turkiyadagi bosh konsulxonasi qarindoshi tomonidan fohishalikka majburlangan qizning vatanga qaytishiga yordam berdi.

Turkiyada qarindoshi tomonidan fohishalikka majburlangan qiz O‘zbekistonga qaytarildi

O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi aldov yo‘li bilan Turkiyaga olib kelingan odam savdosi qurboniga yordam ko‘rsatdi, deb xabar berdi muassasa matbuot xizmati.

20 yoshli O‘zbekiston fuqarosi F.H. bosh konsulxonaga murojaat qilib, xolasining qizi A.M. uni mehmonxonada farrosh bo‘lib ishlash bahonasida Turkiyaga taklif qilganini ma’lum qilgan. Biroq u yerga borgach, qizni fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlay boshlashgan. Jabrlanuvchining pasportini tortib olib, tahdid orqali bo‘ysundirishga urinishgan.

Tutqunlikda ushlab turganlar chiqib ketganidan foydalanib, o‘zbekistonlik qiz mamlakat bosh konsulxonasi bilan telefon orqali bog‘lana olgan. Uning aytishicha, konsullik xodimlari tezda harakat qilib, unga Izmirdan Istanbulga chipta sotib olishda yordam berishgan, uni kelganida kutib olishgan va xavfsiz joyga joylashtirgan.

F.H.ni mehmonxonadan olib chiqish, tashish va joylashtirish Turkiyada faoliyat yuritayotgan “O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik” hamda “O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish” jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgani ta’kidlangan.

Mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan mazkur holatga aloqador bo‘lgan va Turkiyada odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

15-noyabr kuni jamiyatlar bilan hamkorlikda fuqaro F.H. O‘zbekistonga qaytarildi.

Mashhur yangiliklar