15 Noyabr 2024, 18:43 Oʻzbekiston

Prezident bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Qonunda bolaga nisbatan zo‘ravonlikning yangi shakllari - g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilar ham e’tirof etilgan.

Prezident bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

“Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun 14-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.

Qonunda bolaga nisbatan zoʻravonlik tushunchasi va jismoniy, jinsiy va ruhiy zoʻravonlikdan tashqari uning yangi shakllari — gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilar ham eʻtirof etilgan.

Shuningdek, davlat bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun tegishli huquqiy, maʻmuriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni koʻrishi, zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarni reabilitatsiya qilishi va ularning huquqlarini tiklashi hamda ularni ijtimoiy moslashtirish uchun zarur boʻlgan samarali choralar koʻrishi belgilangan.

Mutasaddi organlarning bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishga oid maxsus vakolatlari, oʻzaro ishlash mexanizmi va masʻuliyati doirasi koʻzda tutilgan.

Qonunning 13-moddasiga koʻra, Ichki ishlar organlari bolaga nisbatan zoʻravonlik va gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslikka yoʻl qoʻygan ota-onalar toʻgʻrisidagi axborotni vakolatli davlat organiga yuboradi. Bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʻlumotlarni toʻplaydi, ularni tahlil qiladi. Bundan tashqari, vakolatli davlat organiga bolaning hayotiga yoki sogʻligʻiga bevosita tahdid tugʻilgan hollarda bolani ota-onasidan (ularning biridan) olib qoʻyishda koʻmaklashadi.

Qonun 2025-yil 15-may kuni kuchga kiradi.

Mashhur yangiliklar