Registon maydonidagi Sherdor madrasasi AQSh ko‘magida taʼmirlanadi
AQSh ko‘magida Samarqaddagi Sherdor madrasasida konservatsiya va restavratsiya ishlari amalga oshiriladi.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Samarqadning Registon maydonidagi Sherdor madrasasida konservatsiya va restavratsiya ishlarini amalga oshirishga qaratilgan loyihani qo‘llab-quvvatlaydi.
Qayd etilishicha, elchixona uni amalga oshirishda Madaniy meros agentligi hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlik qiladi. 500 000 dollar miqdordagi mazkur tashabbusni Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (IICAS) texnik tomondan qo‘llab-quvvatlaydi.
Madaniy meros agentligi IICAS ko‘magida Sherdor madrasasi fasadi konservatsiya va restavratsiyasini mahalliy hunarmandlar va mutaxassislarni jalb qilish orqali amalga oshiradi. Loyiha sifati va samaradorligini oshirish uchun xorijlik mutaxassislar ham taklif etiladi.
Loyiha hamkorlari agentlikni dunyoning yetakchi olimlari bilan bog‘lashadi, madaniy merosni saqlash uchun zarur hujjat va resurslarga ega bo‘lish imkonini yaratishadi hamda loyiha davomida qo‘lga kiritilgan ilmiy xulosalarni keng tarqatishda yordam berishadi, deyiladi xabarda.
Agentlik taqdim etgan loyiha butun dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan saralash bosqichida tanlab olinib “bu yil uchun eng katta, tanlov tarixida esa O‘zbekiston uchun eng yirik summani” tashkil etadi. Grant AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi (AFCP) O‘zbekistonda qo‘llab-quvvatlayotgan 14-loyiha hisoblanadi.
Ushbu sa’y-harakatlar bu muhim yodgorlikni kelgusi avlodlar va butun insoniyat uchun saqlab qolishda yordam beradi. Bunday hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, bu muhim yodgorlikni asrab qolish va O‘zbekistonning madaniy merosini himoya qilishga katta hissa qo‘shadi, dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik.