O‘zbekistonda kino, serial va qo‘shiqlar “ma’naviyat ekspertizasi”dan o‘tkaziladi
Bunda ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, ijodkorlar, blogerlarning ijod erkinligiga daxl qilinmaydi.
O‘zbekistonda mediamahsulotlar axloqsizlikni targ‘ib qilmasligi uchun “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazilishi e’lon qilingandi. Ushbu loyiha yo‘lga qo‘yilayotgani faol jamoatchilik vakillari tomonidan turlicha qarashlar bilan talqin qilinayotganiga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi munosabat bildirdi.
Unda aytilishicha, “Ma’naviyat ekspertizasi” loyihasi bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va o‘sib kelayotgan avlodning ongiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan mediamahsulotlar tarqatilishini oldini olishga qaratilmoqda.
Ushbu loyiha mediakontentlarning yoshlar, ayniqsa, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga ta’siridan xavotirlangan ota-onalar, ziyolilar, shuningdek, keng jamoatchilik so‘rovi, talab va tashabbuslari asosida joriy qilinmoqda.
“Ma’naviyat ekspertizasi” loyihasi media mahsulotlarga senzura qo‘ymaydi. Ekspertlarning faoliyati media kontent ishlab chiquvchilar, ijodiy guruhlar va badiiy kengashlar uchun tavsiyaviy “takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi.
Bunda ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, ijodkorlar, blogerlarning ijod erkinligiga daxl qilinmaydi, deyiladi munosabatda.