Hafta davomida havo harorati sovib boradi
“O‘zgidromet” haftalik ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi.
Ushbu hafta boshida O‘zbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo saqlanib turadi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”.
11—12-noyabr kunlari respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Buxoro, Navoiy viloyatlarida va respublika janubida 12-noyabr kuni kechga tomon baʼzi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi. Bu kunlarda havo harorati deyarli o‘zgarmaydi va kechalari 2-7 daraja iliq, kunduz kunlari 12-15 daraja iliq atrofida, baʼzi joylarda 17 darajagacha iliq bo‘ladi.
13-noyabrda O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massalari kirib keladi. Respublikaning katta qismida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari, yomg‘ir yog‘adi, tog‘li hududlarda qorga aylanadi.
Havo harorati kunduzi 5-10 daraja iliqqacha pasayadi. 13-noyabr kechga tomon yomg‘ir yog‘ishi deyarli barcha joylarda to‘xtaydi. 14—15-noyabr kunlari respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg‘ona vodiysida ayrim joylarda 14-noyabrga o‘tar kechasi biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
14—15-noyabrda harorat kechalari 0-3 daraja iliqqacha, baʼzi joylarda 2 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduz kunlari 14-noyabrda 5-10 daraja iliq, 15-noyabrda 8-13 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7-12 metr/sekund tezlikda esadi, 13-noyabrda baʼzi joylarda 13-18 metr/sekundgacha kuchayadi. Kechasi va ertalab baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin.
Toshkentda bugun va ertaga yog‘ingarchilik kutilmaydi.13-noyabr, chorshanba kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, shamol 10-12 metr/sekundgacha kuchayadi. 14—15-noyabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Harorat asosan 11—12-noyabrda kechalari 2-5 daraja iliq, kunduz kunlari 12-15 daraja iliq bo‘ladi. 13-noyabrda kechasi va kunduzi 5-8 daraja iliq bo‘ladi. 14—15-noyabrda kechalari 0-2 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduz kunlari 8-11 daraja iliq bo‘ladi.