11 Noyabr 2024, 18:25 Oʻzbekiston

1-dekabrdan ichimlik suvi uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda amalga oshiriladi

O‘zbekistonda joriy yilning 1-dekabridan ichimlik va oqova suv uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

1-dekabrdan ichimlik suvi uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda amalga oshiriladi

O‘zbekistonda 2024-yil 1-dekabrdan ichimlik va oqova suv xizmatlari to‘lovlari faqat elektron shaklda qabul qilinadi. Bu haqda “O‘zsuvta’minot” axborot xizmati rahbari Akmal Murodov e’lon qildi.

Uning bildirishicha, sohada shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsion holatlarga barham berish maqsadida respublika miqyosida ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlarni faqat elektron shaklda qabul qilish tizimiga o‘tiladi.

Nazoratchi va suv ta’minoti xodimlariga to‘lovlarni naqd pul ko‘rinishida amalga oshirish to‘xtatiladi.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda sohada bir qancha korrupsiyaviy holatlar aniqlangan. Jumladan, to‘lovni naqd shaklda amalga oshirish bilan bog‘liq bir qancha qonunbuzilish holatlari kuzatilgan.

Noyabr oyida Xorazm viloyatida ichimlik suvi uchun to‘lov qilingan mablag‘larni o‘zlashtirish holatlari fosh etilgandi. “X.S.T.” AJning Urganch, Qo‘shko‘pir, Xiva, Xonqa va Gurlan tumanlari filiali masʼul shaxslari isteʼmolchilar tomonidan ichimlik suvi uchun to‘lov qilingan jami 380 million so‘mni bank hisob raqamlariga kirim qilmagan. Ular pullarni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Mashhur yangiliklar