9 Noyabr 2024, 08:38 Oʻzbekiston

Ikki viloyatda imtiyozli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirgan shaxslar ushlandi

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Ikki viloyatda imtiyozli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirgan shaxslar ushlandi

Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida fuqarolarning nomiga ajratilgan imtiyozli kredit mablagʻlarini qoʻlga kiritgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kitob tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan. Unda hududiy tijorat banki filiali boshqaruvchisi sobiq oʻrinbosari O.X. “V.” fermer xoʻjaligi rahbari B.R. bilan oʻzaro til biriktirib, 6 nafar fuqaroning nomiga ajratilgan 163 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻini “V.” fermer xoʻjaligi hisob raqamiga oʻtkazish orqali naqdlashtirib olgani aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Andijon shahri boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.I. va boshqalar fuqaro S.M.ning ishonchiga kirib, unga tijorat banki filialidan 100 mln soʻm imtiyozli kredit ajratib berishini vaʼda qilib, uning turmush oʻrtogʻi YATT G.M.ning nomiga 100 mln soʻm imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablagʻlarni “R.N.” MChJ orqali naqdlashtirib olgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar