DXX 4 ta viloyatda noqonuniy yer sotganlarni qo‘lga oldi
Davlat xavfsizlik xodimlari xizmati 4 ta viloyatda ijaraga berilgan yer maydonlarini noqonuniy sotganlarni qo‘lga oldi.
Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari Toshkent, Andijon, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlarini aniqladi. Bu haqda Telegram`dagi Xavfsizlik kanalida DXX o‘tkazgan tezkor tadbir lavhalari e’lon qilindi.
Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi advokatlik byurosi advokati va uning opasi o‘zaro kelishib, hozirda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumga tegishli fermer xo‘jalikka tuman hokimi qaroriga muvofiq 49 yil muddatga ijaraga berilgan 9,72 gektar yerni soxta hujjatlar asosida davlat idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 35 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Andijon shahrida kuzatilgan holatda ulgurji savdo korxonasining rahbari 39 yoshli yakka tartibdagi tadbirkor bilan kelishib, hokim issiqxona qurish uchun ajratgan 1 gektar yerning toifasini mansabdor tanishlari orqali o‘zgartirishga kelishgan. Buning o‘rniga u yerda 30 ta kottej qurish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan 230 ming dollar talab qilishgan. Ular so‘ralgan pul mablag‘idan 30 ming dollarni oldindan olgan vaqtlarida ushlandi.
Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanidagi chorvachilik fermasi rahbari hokim qarori bilan chorvachilik va qishloq xo‘jaligi maxsulotlari yetishtirish maqsadida 49 yil muddatga ijaraga berilgan yer maydonining 11 gektar qismini xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. U mazkur ishni kadastr idoralaridagi tanishlari orqali bajarish evaziga 430 mln so‘m so‘ragan. Fermer oldindan 23 ming 600 dollar va 100 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi.
Xorazm viloyatida esa urganchlik 55 va 44 yoshli 2 nafar fuqaro tuman hokimligi zaxirasidagi 5 sotix yerni mansabdor tanishlari orqali, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurmoqchi bo‘lgan tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berishga kelishgan. Buning evaziga 350 mln so‘m talab qilishib, oldindan 300 mln so‘m olgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkent shahri transport bosh boshqarmasiga yangi rahbarlar tayinlandi Namanganda 4 kishini Buyuk Britaniyaga noqonuniy jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi Toshkentdagi ikkita koʻchada harakat qariyb 20 kunga cheklanadi Toshkentda isitish quvurida avariya yuz berdi Toshkentdagi International mehmonxonasi 26 mln dollarga sotildi