5 Noyabr 2024, 14:18 Oʻzbekiston

Sirdaryoda ayol qariyb 7 kg tilla taqinchoqni chegaradan yashirincha olib kirishga urindi

“Malik” chegara o‘tkazish punktida ayol va uning nevasi qariyb 7 kg tilla taqinchoqni chegaradan yashirincha olib kirishga urindi.

Sirdaryoda ayol qariyb 7 kg tilla taqinchoqni chegaradan yashirincha olib kirishga urindi

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan “Malik” chegara o‘tkazish punktida yirik miqdordagi qimmatbaho zargarlik buyumlarini noqonuniy ravishda olib kirishga bo‘lgan urinish fosh qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bojxona punkti orqali harakatlanayotgan fuqarolardan biri xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Jarayonda u ichki kiyimlari orasidan oyoqlarining yuqori qismiga 19 dona o‘ram yashirib o‘tayotgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur o‘ramlar belgilangan tartibda ochib ko‘rilganida ularning ichida 9 turdagi 468 dona qimmatbaho metalldan yasalgan va brilliant toshlar bilan bezatilgan zargarlik buyumlari borligi aniqlangan.

Ushbu shaxs zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tishda yonidagi 14 yoshli nevarasidan ham foydalanishga uringan. Nevara belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, uning ham ichki kiyimlari orasiga 12 dona o‘ram yashirilgani aniqlandi. Mazkur o‘ramlarda esa 8 turdagi 454 dona taqinchoq borligi ma’lum bo‘lgan.

Bojxona nazoratidan yashirilgan jami 922 dona tilladan yasalgan brilliant toshlar o‘rnatilgan zargarlik buyumlarining umumiy og‘irligi 6,7 kilogrammdan oshgan. Ularning umumiy qiymati esa 5,6 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Qo‘mita respublikaga jismoniy shaxslar tomonidan 65 grammgacha og‘irlikdagi qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini bojsiz olib kirishga ruxsat etilganini eslatib o‘tgan.

Mashhur yangiliklar