Toshkent viloyatida taksichiga pichoq bilan hujum qilgan ikki talaba qamaldi
Yangiyo‘l tumanida taksi haydovchisiga pichoq bilan hujum qilgan ikki talaba 7 va 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudi aprel oyi oxirida Toshkent yaqinida 56 yoshli taksi haydovchisiga hujum qilgan ikki talabaga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, 27-aprel kuni soat 23:30 lar atrofida 18 va 20 yoshli D.M. va Z.M. oshxona pichog‘i bilan poytaxtdagi “Olmazor” metro bekatiga yetib borib, Yandex Go ilovasi orqali Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani “Chamonzor” mahallasidagi daladagi nuqtani manzil sifatida ko‘rsatib, taksi chaqirgan.
Voqea joyiga yetib kelgach, orqa o‘rindiqda o‘tirgan D.M. haydovchi Ch.A.ning bo‘yniga pichoq bilan jarohat yetkazgan. Haydovchi mashinadan tushishga uringanda D.M. uni bo‘g‘a boshlagan, Z.M. esa erkakning qo‘lidan ushlab turgan.
Shu vaqtda ularning harakati avtomobil yo‘lidan o‘tib ketayotgan Yangiyo‘l tuman IIB xodimlari e’tiboriga tushgan. IIB xodimlari voqea joyiga yetib kelib, talaba yigitlarni ushlagan.
Sudlanuvchilardan biri katta qarzlar tufayli jinoyat sodir etganini aytib, o‘z aybiga qisman iqror bo‘lgan.
Sud D.M. va Z.M.ni Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 267-moddasi 3-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni (transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida bosqinchilik yo‘li bilan olib qochishga urinish) sodir etganlikda aybdor deb topdi. D.M. jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmaganligini inobatga olib, 7 yilga, Z.M. esa 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Ma’lum qilinishicha, D.M. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi 1-akademik litsey talabasi, Z.M. esa Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi bo‘lgan.
Мавзуга оид хабарлар:
Yandex Go xizmati taksi narxlarini pasaytirish bo‘yicha ogohlantirildi Qashqadaryoda erkak kuyovini urib o‘ldirdi Xotinining boshiga belkurak bilan urgan erkak qamaldi Ayrim taksichilar yo‘lkirani asossiz ravishda oshirgani aniqlandi Surxondaryoda 18 yoshli yigit pochchasini pichoqladi