30 Oktabr 2024, 11:57 Jahon, Oʻzbekiston

Rossiyada qarovsiz qolgan oʻzbekistonlik bola vatanga qaytarildi

Novosibirsk viloyatida qarovsiz qolgan voyaga yetmagan fuqaro Oʻzbekistonga olib kelindi.

Rossiyada qarovsiz qolgan oʻzbekistonlik bola vatanga qaytarildi

Rossiyaning Novosibirsk viloyatida ota-onasi qarovisiz qolgan andijonlik voyaga yetmagan fuqaro Oʻzbekistonga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 29-oktyabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida, Rossiya Ichki ishlar vazirligining Novosibirsk viloyati boʻyicha voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markazi xodimlari kuzatuvida Andijon viloyatida yashovchi voyaga yetmagan fuqaro Oʻzbekistonga qaytarilgan.

Mazkur holatga koʻra, bola ota-onasining yaqin qarindoshiga ishonchnoma asosida Rossiyaga borgan, ammo ushbu ishonchnoma Federatsiya hududida yuridik kuchga ega emasligi sababli voyaga yetmagan fuqaro ota-onasi qarovisiz qolgan deb eʼtirof etilgan.

Shu munosabat bilan, 2002-yil 7-oktyabrda qabul qilingan Minsk konvensiyasi doirasida voyaga yetmagan fuqaro Oʻzbekistonga qaytarilishi lozimligi belgilangan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan xorijda qiyin vaziyatga tushgan bolalarni vatanga qaytarish va ularga ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlar davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Aytish joiz, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 100 nafardan ortiq oʻzbekistonlik voyaga yetmagan fuqarolar vatanga qaytarilib, ular ota-onalari yoki yaqin qarindoshlari qaramogʻiga topshirilgan.

Mashhur yangiliklar