30 Oktabr 2024, 09:39 Oʻzbekiston

Toshkentdagi bog‘chada bola ayollar kiyimini kiyib, raqsga tushishga majburlandi

Toshkent shahridagi bog‘chada 6 yoshli bolani pardoz qildirib, ayollar kiyimini kiydirgan va raqsga tushishga majburlagan tarbiyachi ishdan olindi.

Toshkentdagi bog‘chada bola ayollar kiyimini kiyib, raqsga tushishga majburlandi

Toshkent shahri Mirobod tumanidagi bog‘chada yosh bolaga ayollar kiyimini kiydirib, raqs ijro ettirgan tarbiyachi ishdan olindi. Bu haqda bolalar ombudsmani ofisi xabar berdi.

Yunusobod tumanida yashovchi I.K. ismli erkak bola huquqlari bo‘yicha vakilga murojaat qilib, o‘g‘li Y.K. (2016 y.t.) Mirobod tumanidagi MTT tarbiyalanuvchisi ekanini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, 2022-yilda tarbiyachi o‘g‘liga qizlar kiyimini kiydirib, lab va yuzlarini bo‘yagan va ayollar raqsini ijro ettirgan.

U ushbu sahna ko‘rinishi haqida uni ota sifatida ogohlantirib, ruxsat olishmagani, voqeadan Telegram orqali kelgan foto va videotasvirlardan xabar topganini bildirgan. Erkak bu bilan o‘g‘lining sha’ni va qadr-qimmati kamsitilgan deb hisoblagan va bolasining buzilgan huquqlari tiklanishida yordam so‘ragan.

Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida mazkur holat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘rganildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, Y.K. qatnashgan tadbirda sahna ko‘rinishini tashkillashtirgan tarbiyachi X.Q. ekani va bolaga oid bu sahna xususiyatlari yuzasidan otadan ruxsat olmagani aniqlangan.

Mehnat kodeksining 157-moddasi (Mehnat shartnomasini taraflarning kelishuviga ko‘ra bekor qilish) bilan tarbiyachining mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Mashhur yangiliklar