18 Oktabr 2024, 17:20 Oʻzbekiston

Namanganda yuk mashinasi urib ketgan 8 yoshli bola vafot etdi

Namangan shahrida yuk mashinasi 8 yoshli bolani urib yubordi, jabrlanuvchi shifoxonada vafot etdi.

Namanganda yuk mashinasi urib ketgan 8 yoshli bola vafot etdi

Namangan shahrida 22-sentabr kuni o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda “Bu kun” ko‘rsatuvida xabar berildi.

Qayd etilishicha, hodisa soat 12:30 da shahardagi “Diyor” ko‘chasida sodir bo‘lgan. “GAZ-53” rusumli yuk mashinasi haydovchisi o‘zidan oldinda harakatlanayotgan velosipedchini payqamay qolgan.

Bola velosipedda keskin chapga qayrilgan vaqtda yuk mashinasi boshqaruvchisi uni payqamay, urib ketgan. Buning oqibatida bola bosh miya yopiq shikastlanishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan, u shu yerda vafot etgan.

Yosh bola yo‘l chetida velosiped haydab ketayotganini ko‘rdim. Ammo u birdan katta yo‘lga chiqib kelishini o‘ylamagandim. Tormoz berishga ulgurmadim. Barchadan yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni so‘rab qolardim,  deydi haydovchi.

Viloyat IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan 40 yoshli haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Mashhur yangiliklar