18 Oktabr 2024, 16:45 Oʻzbekiston

Toshkentda bank xodimi va uning sherigi fuqaroni 61 ming dollarga chuv tushirdi

Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Toshkentda bank xodimi va uning sherigi fuqaroni 61 ming dollarga chuv tushirdi

Toshkent shahri Sergeli tumanida fuqaroga ipoteka krediti ajratib berishi evaziga 61 ming AQSh dollarini qoʻlga kiritgan firibgarlar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sergeli tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.

Tekshiruvda hududiy tijorat banki filiali yetakchi mutaxassisi M.T. va fuqaro Sh.A. fuqaro F.E.ga yangi qurilayotgan uylardan birini kredit evaziga xarid qilish uchun ipoteka krediti ajratib berishlarini vaʼda qilib, oldindan boshlangʻich toʻlov sifatida fuqaroning 61 000 AQSh dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar