Ukrainadagi urushda qatnashgan O‘zbekiston fuqarosi qamaldi
Ukrainadagi urushda Rossiya tomonidan qatnashgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudida Ukrainadagi urushda qatnashgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoiy ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Zamon” dasturida xabar berildi.
Hujjatlarda keltirilishicha, sudlanuvchi 2023-yilda Sankt-Peterburg shahrida ishlayotgan vaqtida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘la turib, nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi bo‘lmasdan, moddiy manfaatdorlik evaziga Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari safiga yollangan.
Shu vaqt davomida erkak Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etib kelgan. U Rossiya fuqaroligini ham olgan. U ikki davlat o‘rtasida bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etishi uchun harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.
2023-yil oktabr oyida sodir bo‘lgan turli hujumlar oqibatida yaralangan shaxs O‘zbekistonga qaytgan. Unga tegishli telefon tekshirilganda, Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari safiga ishga kirgani bo‘yicha harbiy guvohnoma, Mudofaa vazirligiga tegishli harbiy gospitalda jarohat olgani bo‘yicha ma’lumotnoma hamda RF fuqaroligi pasporti aks etgan fotosuratlar topilgan.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 154−1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, kodeksning 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llangan holda uch yilga ozodlikdan mahrum etildi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.
Мавзуга оид хабарлар:
Rossiyadagi qurilishda o‘zbekistonlik ishchi halok bo‘ldi AQShda qancha o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgani aytildi Turkiyada qarindoshi tomonidan fohishalikka majburlangan qiz O‘zbekistonga qaytarildi O‘zbekistonlik erkak Rossiyada odam o‘g‘irlab, pul talab qilishda ayblanmoqda Polshada YTHga uchragan O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatildi