15 Oktabr 2024, 19:24 Oʻzbekiston

Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etildi

Faoliyatidagi kamchiliklar uchun Toshkent viloyati hokimining ikki oʻrinbosari lavozimidan ozod etildi.

Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda aytilishicha, Toshkent viloyatida qishloq yerlari Andijondan 1,5 karra ko‘p. Lekin, yetishtiriladigan mahsulot hajmi bir xil. So‘nggi uch yilda viloyatdagi 21 ming gektar yer dehqonchilik uchun 51 ming nafar aholiga berildi. Lekin, yil boshidan bor-yo‘g‘i 72 mln dollarlik meva-sabzavot eksport bo‘ldi. Bu – o‘tgan yilgidan kam.

Viloyatdagi samarasiz 2 200 gektar bog‘ va tokzor hisobiga yiliga 10 mln dollar eksport yo‘qotilyapti. Suv tejovchi texnologiya bo‘yicha Toshkent viloyati eng oxirgi o‘rinlarda.

Bu borada viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Botir Alimbekov Toshkent viloyati qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlardan foydalana olmagani, tayyor qilib berilgan tizimni ishlata olmagani uchun lavozimidan ozod etildi.

Yig‘ilishda viloyatda kambag‘allikni qisqartirish rejalari ko‘rib chiqildi. Prezident viloyatda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kelasi yili 116 ming aholini kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha hisob-kitoblarni ma’qullamadi.

Bor imkoniyatlar va yaratib berilayotgan sharoitlar hisobiga viloyatda kambag‘al oila qolishini o‘zi uyat, dedi davlatimiz rahbari.

Masalan, Toshkent viloyati kichik biznes orqali aholini ishli qilish bo‘yicha respublikada eng oxirgi o‘rinlarda turibdi. Viloyat sanoatining atigi 25 foizi kichik biznesga to‘g‘ri keladi. Yoki, oilalar daromadida kichik biznes ulushi 1,5 foizni tashkil qiladi.

Viloyatdagi 12 ming vakant o‘rinning 2 mingtasi obodonlashtirish, gul ekish, ko‘cha supirish kabi malaka talab etilmaydigan mehnatga mansub. Lekin, ish izlab yurgan 2 ming aholini bu ishlarga jalb qilish o‘rniga, ularga har yili 4 mlrd so‘m ishsizlik nafaqasi to‘lanmoqda.

Faoliyatidagi kamchiliklar va sohadagi ishlar qoniqarsiz olib borilayotgani uchun viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov lavozimidan ozod etildi.

 

Mashhur yangiliklar