12 Oktabr 2024, 14:11 Oʻzbekiston

Andijondagi sport klubi 226,3 mln soʻmlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Andijondagi sport klubi 226,3 mln soʻmlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Hududlarda energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Norin tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan. Unda fuqaro B.U. tuman ETK montyori Sh.A. bilan oʻzaro til biriktirib, xonadonida oʻrnatilgan uch fazali elektr hisoblagichni hisob dasturiga kiritmasdan jami 319,3 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Andijon shahar boʻlimi va ETK xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro J.A. Yuksalish MFY hududidagi fuqaro O.A.ga tegishli sport klubi binosida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻidan oʻzboshimchalik bilan ulanib, jami 226,3 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar