Metroga yaqin korxonalar ish vaqti o‘zgarishi mumkin
Poytaxtdagi metro bekatlariga yaqin bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalarining ish vaqtini o‘zgartirish taklif qilinmoqda.
Xalqaro press-klubda Toshkent metropoliteni rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bekatlardagi tirbandliklar va ularning yechimlari ham qizg‘in muhokama qilindi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz muxbiri.
Metropoliten bosh muhandisi Mirhokim Mirhusanovning aytishicha, poytaxtda joylashgan yirik ishlab chiqarish tashkilotlari va o‘quv muassasalarida bir vaqtning o‘zida (soat 08:00 va 09:00 oralig‘ida) ish kuni va darslarning boshlanishi ayni shu vaqt oralig‘ida metropolitenda bir qator tirbandliklarni keltirib chiqarmoqda.
U yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yuklamalarni kamaytirish maqsadida metro bekatlariga yaqin bo‘lgan 27 OTMda darslarning boshlanish vaqti differensial tartibda o‘zgartirilganini ta’kidlarkan, yechim sifatida yirik ishlab chiqarish korxonalarida ham ish vaqtini o‘zgartirish taklifi ilgari surilayotganini aytdi.
Toshkent metropoliteni rejim xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Abdutohir Abduqodirov ham OTMlarda o‘qishning boshlanish vaqtini o‘zgartirilgani ancha ijobiy o‘zgarishlarga olib kelganini qayd etdi. U hukumat, Transport vazirligi hamda tegishli mutasaddilar bilan hamkorlikda yirik korxonalarda ish boshlanishi vaqtini qaytadan ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilayotganini qo‘shimcha qildi.
Toshkent shahrida 1 ming, 10 ming nafardan ortiq ishchi ishlaydigan korxonalar bor, ularning ayrimlarida ish vaqti soat 08:00 da boshlanadi. O‘zimizning ham ishimiz xuddi shunga o‘xshash. Korxonalarning ham ish vaqtini ko‘rib chiqishni reja qilganmiz. Masalan, soat 08:00 da emas 09:00 da qilish taklifini bildirmoqchimiz, agar ularga ham ma’qul kelsa, sal bo‘lsa-da, bekatlardagi tirbandliklar kamayishiga erishgan bo‘lamiz, dedi u.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkent metrosida hojatxona quriladigan 9 ta bekat nomi ma’lum bo‘ldi Toshkent metrosining yana 9 ta bekatida hojatxonalar paydo boʻladi Toshkentda erkak metro stansiyasida hojatini chiqardi Toshkent metrosi saylov kuni 1 soat avval ish boshlaydi “Toshkent metropoliteni” yo‘lovchilardan tezroq harakat qilishni so‘radi