11 Oktabr 2024, 17:30 Oʻzbekiston

Samarqandda voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan erkak qamaldi

Urgut tumanida mast holatda voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamaldi.

Samarqandda voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan erkak qamaldi

2024-yil 10-oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudida shahvoniy shilqimlik qilishda gumonlangan shaxs ustidan sud bo‘lib o‘tdi.

Maʼlum bo‘lishicha, 1986-yilda tug‘ilgan erkak 9-oktyabr kuni Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uy yonida spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holatga kelib qolgan. Shundan so‘ng u bolalar maydonchasida o‘ynab yurgan qizga “buncha chiroylisan, kel quchoqlab o‘pay” degan. Sud majlisida erkak o‘z aybiga iqror bo‘lib, bu ishni qayta takrorlamasligini aytgan va suddan yengillik so‘ragan.

O‘z navbatida, jabrlanuvchi M.Sh. (voyaga yetmagan qizning onasi) ham sudda ko‘rsatma berib, qizi o‘yingohdan yugurib kelib, mast erkak unga qo‘li bilan ishora qilib, o‘pmoqchi ekanini bildirganini aytgan. Ayol ayblanuvchi shahvoniy shilqimlik qilganini ta’kidlab, suddan unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Sud B.M.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismi (Shahvoniy shilqimlik qilish) va 187-moddasi 2-qismi (Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish) bilan aybdor deb topib, 5 sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinladi.

Huquqbuzar B.M. qabul qilish muassasasi foydasiga ma’muriy qamoqning har bir kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi, ya’ni 51 ming so‘mdan 5 sutka uchun jami 255 ming so‘m qamoq xarajatlari undirilishi belgilandi.

Mashhur yangiliklar