11 Oktabr 2024, 16:53 Oʻzbekiston

Uch hududda kreditga olingan mashinalar sotib yuborilgani aniqlandi

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Uch hududda kreditga olingan mashinalar sotib yuborilgani aniqlandi

Lixiang L9 Max rusumli avtotransport vositasini garovga taqdim etmasdan boshqa shaxsga sotib yuborilgan. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, Mirobod tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar S.V. U.D. va A.I. o‘zaro til biriktirib avtokreditga olingan Lixiang L9 Maxni sotib yuborgan. Natijada bank manfaatlariga 587 million so‘m zarar yetkazganliklari aniqlangan.

Qoraqalpog‘istonda yana bir holatda “L.N.” MChJ mas’ul shaxslari “D.” MChJdan Isuzu rusumli yuk mashinasini sotib olgandan keyin garovga qo‘yish sharti bilan hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan kredit mablag‘ining 595 million so‘mini ushbu jamiyat orqali naqdlashtirib olib talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Qarshi shahrida esa fuqaro B.E. va boshqalar hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan kredit evaziga xarid qilingan Kia Karnival rusumli avtomashinani sotib yuborib, bank manfaatlariga 355 million so‘m zarar yetkazganliklari aniqlangan.

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar