7 Oktabr 2024, 10:48 Iqtisod, Oʻzbekiston

Haydovchilarga qaysi gaz “zapravka” ishlayotganini koʻrsatuvchi mobil ilova ishga tushiriladi

Joriy yilning 1-dekabrigacha haydovchilar uchun qaysi gaz “zapravka” ishlayotganini koʻrsatuvchi mobil ilova tayyor boʻlishi maʼlum qilindi.

Haydovchilarga qaysi gaz “zapravka” ishlayotganini koʻrsatuvchi mobil ilova ishga tushiriladi

Joriy yilning 1-dekabrigacha avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarining qaysi biri ishlayotganini koʻrsatuvchi mobil ilova ishga tushiriladi. Bu haqda Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov YouTube’dagi “Lolazor” podkastida maʼlum qildi.

Uning taʼkidlashicha, mazkur ilovadan foydalanish bepul boʻladi. Faqat AGTKSHlar oʻzlarining qoʻshimcha xizmatlarini koʻrsatish va reklama maqsadida ilovadan foydalanmoqchi boʻlsa, buning uchun haq toʻlanadi.

Men oʻtgan hafta davomida oʻzimizning mahalliy yoshlar bilan, IT kompaniyalar bilan koʻrishib, shu tizimlarning barchasi haqida gaplashdik. Faqat bir narsa bor — barcha yoqilgʻi quyish shoxobchalari xususiy. Biz hozir dastur ustida ishlayapmiz. Barchaga tavsiyaviy shaklda beramiz, dedi Mirzamahmudov.

Uning qoʻshimcha qilishicha, vazirlik bu ilova orqali qaysi AGTKSHga gaz uzatilayotgani haqidagi real vaqt maʼlumotlarini aks ettiradi.

Bu bepul boʻladi. Biz ular bilan Energetika vazirligi orqali shartnoma qilib, tizimni va ilovani yaratib berish boʻyicha kelishuvga erishdik. Faqat oʻsha yoqilgʻi quyish shoxobchalari qoʻshimcha xizmati uchun yoki reklama uchun mobil ilovani ishlatsa qandaydir toʻlov mavjud boʻladi. Lekin yoqilgʻi quyish shoxobchalari bu ilovani ishlatish yoki ishlatmasligi oʻzining ihtiyorida boʻladi, deydi vazir.

Mashhur yangiliklar