7 Oktabr 2024, 10:15 Oʻzbekiston

Samarqandda 5,5 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan mayning ferma fosh etildi

Toyloq tumanida 55 ta to‘plam qurilmada elektrdan noqonuniy foydalanib kelgan mayning ferma aniqlandi.

Samarqandda 5,5 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan mayning ferma fosh etildi

Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyatida 5,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan mayning fermani aniqladi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” rasmiy kanalida xabar berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, viloyatning Toyloq tumanidagi “Chorog‘bon” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro tijorat maqsadida 55 ta to‘plamdagi mayning qurilmasini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, noqonuniy foydalanib kelgan.

Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 5 mlrd 528 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi, deyiladi xabarda.

Mashhur yangiliklar