Samarqand xalqaro aeroportida Tourist map interaktiv portali ishga tushiriladi
Ushbu interaktiv portal ichki turizm infratuzilmasi bo‘yicha aholi hamda turistlarning xabardorligini taʼminlash imkonini beradi.
Samarqand xalqaro aeroportida 2025-yil 1-oktyabrdan boshlab Tourist map interaktiv portali sinov tariqasida ishga tushiriladi. Bu haqda Hukumatning “Turizmning yangi turlarini joriy qilish hamda mamlakatimizning turistik salohiyatidan samarali foydalanishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida maʼlum qilindi.
Qarorga ko‘ra, ushbu interaktiv portal ichki turizm infratuzilmasi bo‘yicha aholi hamda turistlarning xabardorligini taʼminlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, yana quyidagi texnik imkoniyatlar nazarda tutiladi:
- aeroport, temir yo‘l vokzallari, avtovokzallar, tarixiy, madaniy, ko‘ngilochar, ovqatlanish va shu kabi joylar hamda ularga yetib borish marshrutlari haqida maʼlumot taqdim etish;
- aholi va turistlarning sayohat qilish muddati va qiziqishidan kelib chiqib, sayohat rejasini tuzib berish va matritsali shtrix kod (QR-kod) orqali mobil qurilmasiga o‘tkazib olish imkoniyatini yaratish;
- turistlar oqimi yuqori bo‘lgan davlatlar tillarida axborot berish hamda tegishli hududning xaritasi namoyish etib borish.
Qarorda qayd etilishicha, aeroport, temir yo‘l vokzallari hamda chegara o‘tish punktlarida turistlarga bir oy faol turistik SIM-kartalarni mobil aloqa operatorlari tomonidan bepul berish amaliyoti joriy qilinadi.
Turizm qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Transport vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-oktyabrga qadar:
- Tourist map interaktiv portalini yaratish ishlarini yakunlash hamda Samarqand shahrining xalqaro aeroportida interaktiv portal uskunalari joylashtirilishini taʼminlaydi;
- Tourist map interaktiv portali uskunalari atrofida bepul Wi-Fi zonalarini tashkil etadi;
- Tourist map interaktiv portalining mobil ilovasini ishga tushiradi.