2 Oktabr 2024, 15:54 Oʻzbekiston

Samarqandda fuqaroni Qozogʻistondagi OTMga oʻqishga kiritib qoʻyishini aytgan shaxs ushlandi

Samarqandda fuqaroni 20 ming dollar evaziga Qozogʻistondagi OTMga oʻqishga kiritib qoʻyishini aytgan shaxs qoʻlga olindi.

Samarqandda fuqaroni Qozogʻistondagi OTMga oʻqishga kiritib qoʻyishini aytgan shaxs ushlandi

Ikki viloyatda oʻqishga kiritib qoʻyish bilan bogʻliq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi va Toyloq tumani boʻlimi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda aniqlanishicha, O.B. ismli shaxs fuqaro G.S.ning ishonchiga kirib, uni 20 000 AQSh dollari evaziga qoʻshni Qozogʻistondagi universitetga 3 bosqichdan oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgani aniqlangan.

U keyinchalik G.S.ning oʻqishini Toshkent davlat yuridik universitetiga koʻchirib berishini aytib, oldindan 10 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan birga ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Baliqchi tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro R.Z. fuqaro M.T.ni goʻyoki Andijon davlat tibbiyot institutida ishlovchi tanishlari orqali ushbu institutga oʻqishga kiritib qoʻyishi evaziga 15 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar